TOShKENT, 7 avg – Sputnik. Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyatda zarbdor bir yillik e’lon qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
“Farg‘ona viloyatida 2019-yilning may oyidan 2020-yilning may oyiga qadar xorijiy investitsiyalarni keskin oshirish va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha zarbdor bir yillik e’lon qilindi”, - dedi Shuhrat G‘aniyev.
Hokimning ma’lum qilishicha, bir yil ichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini oshirish borasida yangicha uslublarni qo‘llash, xorijiy safarlarni puxta rejalashtirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan oqilona foydalanish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish vazifalari belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona shahrida xalqaro investitsiya forumi ish boshladi. Forumda Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Eron, Turkiya, Belarus kabi 28 ta davlatning yirik investorlari ishtirok etmoqda. Forum davomida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan birgalikda viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb kilish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.