TOShKENT, 5 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekistonda maktab formasi eng dolzarb va yechimi oxirigacha hal bo‘lmagan masalalardan biri. Avvaliga maktablarda bir xil forma kerak-kerak emasligi katta munozaralarga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bir to‘xtamga kelingach, forma narxining qimmatligi aholi e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shu bilan boshqa dolzarb masalalar turganda, maktab formasini majburiy joriy etishga shoshilmaslik lozim, degan to‘xtamga kelindi.
Maktab formalari: qayerdan olsa bo‘ladi, narxi qancha? >>>
Endilikda O‘zbekistonda yagona maktab formasiga 2024-yildan o‘tiladi. Bu, oilada bir nechta o‘quvchilarni o‘qitayotgan ota-onalarni xursand qildi, albatta. Lekini bor. Maktab formasini joriy etilishini kechiktiruvchi qaror chiqquniga qadar mahalliy ishlab-chiqaruvchilar minglab formalarni tikishga ulgurishgan. Promo-aksiya tadbirida ishtirok etgan Sputnik muxbiri forma sifati haqida aholi fikrini o‘rgandi hamda tadbirkorlar bilan suhbatda bo‘ldi.
Maktab formasi nima uchun kerak bo‘ldi?
Yagona maktab formasini joriy etish taklifi uch yil avval "o‘quvchilar orasida ijtimoiy notenglik kelib chiqishini oldini olishi mumkin", degan maqsadda mamlakat prezidenti tomonidan kiritilgan edi. Davlat rahbari chiqishidan sanoqli kunlar o‘tib, o‘sha vaqtdagi xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov kelasi o‘quv yiligacha yengil sanoat, modelyer mutaxassislar va ota-onalar fikrini inobatga olib, kamida 8-10 xil modeldagi formalar tayyorlanishini ma’lum qildi.
2017 yilning oktabr oyida maktab formalarining ilk namunalari namoyish etildi va ular orasidan tanlab olingan modellar 2018-yil fevral oyida Toshkent shahridagi 91-sonli hamda Sirdaryo viloyatidagi 4-sonli maktablarda sinovdan o‘tkazila boshlandi.
2018 yilning avgust oyida yagona maktab formasi yuzasidan aniq qaror qabul qilindi va u 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi aytildi.
"Biz bunga tayyor emasmiz"
2019 yilning may oyiga kelib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “...ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta’mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishi tufayli, mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma joriy etilishi”ni nomuvofiq deb topdi. Sal vaqt o‘tib, XTV rahbari Sherzod Shermatov ham formaning majburiy joriy etilishi shoshilinch qaror bo‘lishi haqida bayonot bilan chiqdi. Maktab formasi respublika maktablarida bosqichma-bosqich joriy etiladigan bo‘ldi.
Ya’ni O‘zbekiston maktablarida yagona formaga o‘tish ishlari 2024-yilgacha qoldirildi.
Muammo nimada?
Muammo shundaki, formani joriy etishni kechiktirish haqida qaror qabul qilingan bir vaqtda mahalliy ishlab-chiqaruvchi korxonalar tasdiqlangan namunadagi yuz minglab minglab mahsulotlarni ishlab-chiqarishga ulgurgan edilar.
Ya’ni yagona maktab formasi respublikadagi ikkita maktabda sinovdan o‘tkazilgach, ota-onalarning taklifidan kelib chiqqan holda ikkita yosh kesimida: 1- va 6-sinf, 7- va 11-sinf o‘quvchilari uchun maktab formalari modellari tanlab olingan va yengil sanoat uyushmasi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatdagi 221 ta korxonalar O‘zbekiston regionlarida bu formalarni ishlab-chiqarishga kirishgan.
"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi bosh mutaxassisi Zamira Yunusovaning aytishicha, respublika miqyosida maktablarni yagona forma bilan ta’minlash maqsadida, ayrim viloyatlarda yangi korxonalarni tashkil etishga to‘g‘ri kelgan yoki mavjudlari kengaytirilgan.
Ammo bugunga kelib, ishlab-chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan mahsulotlarning deyarli butun qismi, ota-onalar o‘rtasida forma borasida yuzaga kelgan tushunmovchiliklar tufayli, sotilmay turibdi.
Mahsulot sifati odamlarga ma’qulmi?
"Pushkin" maydonida maktab formalarini namoyish qilish uchun nafaqat toshkentlik, balki Surxondaryo, Farg‘ona va Namangandan tashrif buyurgan ishlab-chiqaruvchilar yig‘ilgan. Formalar dizayni deyarli bir xil: deylik, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari formalari ko‘k rangdagi kataknusxa matodan tikilgan. Qizlar uchun yubka, nimcha va bomber, o‘g‘il bolalar uchun nimcha, shim va bomberlar sotilmoqda. Narxlar bir xil emas, kimdir boshlang‘ich sinflar uchun formalarni 160 ming so‘mdan boshlab sotayotgan bo‘lsa, qaysidir tadbirkorda bu forma narxi 180 mingni tashkil etadi. Yuqori sinf o‘quvchilari formalari 240 ming so‘mgacha sotilmoqda. Iste’molchi tikilishi va mato sifati jihatdan o‘ziga yoqqanini tanlab, xarid qilishi mumkin.
Promo-aksiya haqida kechikib xabar qilinganmi, yoki boshqa sababmi, odamlar soni kutilganidek ko‘pmas.
Rastalarning birida o‘quvchi-qizlar yubkasini obdon ko‘zdan kechirayotgan ayol yoniga boraman. O‘g‘il bolalar formasini ko‘zdan kechirganday bo‘lib, ayoldan "Forma yoqdimi?" deya so‘rayman. Suhbatdoshim qoshlarini chimirib, yubka qiyshiq bichilganini aytadi va asabiy ohangda "o‘zimiznikilardan nimani ham kutarding", deya qo‘shni rastaga qarab yuradi. U yerda "Kamchiligi faqat bitta - 100 % charmdan tikilgan", deya maqtalgan qizlar poyabzalini "poshnasi juda past, yassi tovonli bola ko‘p yursa, oyoqlari og‘rib qoladi", deya "ayblab", ko‘rgazmani tark etadi.
Keyingi rastaga o‘taman. O‘zi bilan birga ikki qizini olib kelgan ayol sotuvchidan forma matosi haqida so‘rayotgan ekan. Ularning suhbatidan yangi forma uchun "Parlament Yevro" nomli mato Xitoydan olib kelinayotgani (O‘zbekistondan chiqayotgan mato sifat talabiga javob bermagani), boshlang‘ich sinflar uchun forma matosi tarkibi 70%gacha paxtadan tayyorlangani, dazmoldan so‘ng "yaltillab qolmasligi", gigiyena jihatdan barcha talablarga javob berishi, o‘quvchi tanasi bu formada "nafas olishi" haqida bilib olaman.
Ayolga ma’qul keldi, shekilli, u shu joyning o‘zida qizlariga mosini tanlashga kirishdi.
"Yoqdimi?", - deb so‘rayman, qiziga formani kiydirib ko‘rayotgan ayol yoniga borib. Suhbatdoshim ko‘proq forma matosi juda ma’qul kelganini aytdi. "Sifat jihatdan SSSRda tikilgan formalarni eslatdi. Yuvib-yuvib kiyardik, hech rangi o‘zgarmas edi. Menga yoqdi. 180 ming so‘m "troyka" kostum uchun qimmat emas", - deydi u.
Sotuvchilar bilan suhbat ularning hammasi ham matoni Xitoydan olib kelmagani, oralarida O‘zbekistonda ishlab-chiqarilgan matodan forma tikib sotayotganlar borligini aniqlashtirdi. Mahalliy matodan tikilgan formalar va Xitoydan keltirilgan matodan tikilgan formalar orasidagi farq 20-30 ming so‘mni tashkil etardi.
Promo-aksiya davomida, tadbirga kelganlar uchun maktab formalari namoyishi bo‘lib o‘tdi, nimcha va yubka kiyib olgan ulkan ayiqlar raqsi barcha mehmonlarga zavq ulashdi.
Formalar nega xaridorini topa olmayapti?
Tadbirning madaniy qismi yakunlanishi arafasida promo-aksiya ishtirokchilari o‘z mahsulotlarini yig‘ishtirishga tushishganini ko‘rib, ular yoniga shoshilaman. Qancha forma sotishga muvaffaq bo‘lishgani qiziq. Qisqa savol-javobdan so‘ng ularning aksariyati bir dona ham forma sotisholmagani ma’lum bo‘ladi.
Tadbirkorlar maktab formalari nafaqat bu yarmarkada, balki bozorlarda ham sotilmayotganini aytishadi.
Ularning fikricha, yagona maktab formasining kechiktirilgani xalq orasida "forma bekor bo‘ldi" degan noto‘g‘ri tushunchani hosil qilgan va bugungi kunda hatto oldindan pul berib qo‘ygan maktablar ham o‘z mablag‘larini qaytarib olishga tushgan.
Xususan, yarmarkada qatnashgan tadbirkorlardan biri Gulshoda Bekmirzayeva "forma biznesi" tufayli bugun 5 milliard so‘m mablag‘i taqdiri noma’lumligicha qolayotganini aytadi.
"Men rahbarlik qilayotgan korxonada 50 mingga yaqin maktab formasi tikilgan. Forma tan narxini hisobga to‘g‘ri qilib 100 ming so‘mdan (aslida undan qimmat) deb hisoblaydigan bo‘lsak, gap milliardlar haqida borayotganini bilasiz. Bu pullar birgina menga tegishli emas, qarindosh-urug‘ bir necha oila bo‘lib o‘rtaga pul tashlagan edik. Birgina men emas, shu yerga kelgan tadbirkorlarning har biridan so‘rashingiz mumkin, maktab formasi to‘g‘risidagi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida qaysidir korxona 50ta, boshqasi 200 tagacha ishchi o‘rni yaratgan. Bugun esa boshimiz berk ko‘chaga kirdi. Mahsulotlarimiz sotilmayotgani tufayli yaratilgan ish o‘rinlarini yopish darajasiga yetib keldik", - deydi u.
Gulshoda Bekmirzayevaning aytishicha, xalq orasida bugun oq-qora forma olish kerakmi yoki yangi tasdiqdan o‘tgan formani degan mazmunda ikkilanish bor.
"Sentabr-oktabr oyigacha mahsulotlarimizni sota olmasak, ishchilarimiz oldida qarzdorligimiz oshadi. Ular "oylik ish haqimni bermadi" deb ustimizdan shikoyat qilsa, qonunan haq bo‘ladi. Hozir shuni o‘ylab boshim qotgan", - deya qo‘shimcha qiladi tadbirkor.
Surxondaryolik tadbirkor Abduvohid Toshboyev ham Sputnik muxbiri bilan suhbatda aholi orasida "forma bekor bo‘lgan" degan noto‘g‘ri fikr shakllanganini tasdiqlaydi. U rahbarlik qilayotgan korxona bugun 30 mingta forma tikkan va 4-avgust holatiga ko‘ra, minglab formalardan atigi 500 komplekt sotilgan, xolos.
Toshboyev mahsulotning sotilishi yoki sotilmay qolib ketishida hukumat chiqarayotgan qarorlar muhim rol o‘ynashini aytadi.
"Maktab direktorlarining forma sotilishi masalasiga aralashuvi man etilgani to‘g‘ri fikrdir. Lekin biz ishlab-chiqarayotgan formalar haqida odamlar eshitishi kerak-ku? Avgust endi keldi, formalarimiz hali sotilib ketar ham, shunday bo‘lsa-da buning uchun ozgina turtki kerak, deb hisoblayman", - deydi tadbirkor.