TOShKENT, 2 avg – Sputnik. Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasini 2025-yilga qadar rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi:
- yangi turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarining budjet modelini ishlab chiqarish va respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun yangi milliy “brend”ni yaratish;
- bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishida texnika turlari ishlab chiqarishni kengaytirish va umumiy ishlab chiqarish hajmini oshirish;
- tayyor mahsulot eksportini ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan 2022-yilda 20 foizga, 2025-yilda esa 30 foizga yetkazish;
- korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini, xususan “ERP” avtomatlashtirilgan hisobga olish, “GMS” ishlab chiqarishni boshqarish va “BIQ” sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish;
- qishloq xo‘jaligi uchun kichik mexanizatsiya texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
- mashina-traktor parklarining mavjud texnikalari va bo‘sh turgan yer maydonlarini optimallashtirish hamda ularni asosan ta’mirlash va servis xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtirish.
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
- 2019-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi korxonalari mahalliylashtirish darajasi 20 foizdan kam bo‘lmagan respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilganida texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiya berish;
- kombaynlarni xorijda xizmat ko‘rsatish uchun tashish transport xarajatlarining 80 foizini kompensatsiya qilish.