TOShKENT, 1 avg – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 1-avgust kuni ertalab Minsk shahridagi Mustaqillik saroyiga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Bu yerda oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doirada muzokara o‘tkazdi.
Belarus Prezidenti O‘zbekiston rahbarini mazkur tashrif bilan qutlab, ushbu voqea muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
- Oxirgi ikki yilda Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni butunlay o‘zgartirib yubordik, mohiyatan, ularni yangidan yo‘lga qo‘ydik. Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimiz o‘tgan 25-yil davomida qilinganidan ham ortiq bo‘ldi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hozirgi kun talablariga javob bermaydi, uni izchil oshirib borish lozim. Sizning hududlarni hamkorlik bilan o‘zaro bog‘lash borasidagi tashabbusingiz – ushbu tashrifning o‘ziga xos jihati. Hududlar rahbarlarining o‘zaro tashriflari bo‘lib o‘tdi, ko‘rgazmalar va madaniyat kunlari tashkil etildi. Bularning barchasi Belarusga tashrifingiz ahamiyatini yanada oshiradi. Eng asosiysi, mahalliy ma’muriyatlar boshliqlari hamkorlikka doir ko‘plab shartnomalar imzoladi. Bizning ishimiz – yo‘lni ochib berish, va biz buning uddasidan chiqdik, – dedi Aleksandr Lukashenko.
Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, taklif va ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Belarus bilan sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratishini qayd etdi.
- Sizning O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifingizdan, muzokaralarimizdan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda yangi va aniq mazmun bilan boyidi, va bu o‘z mevalarini bermoqda. Davlatlarimiz hududlari o‘rtasida sermahsul aloqalar yo‘lga qo‘yilgani bunga yorqin misoldir. Biz o‘zaro almashinuvlar uchun yaxshi poydevor yaratdik. Barcha darajalarda hamkorlik qilishga istak bor. Bugun biz erishilgan natijalarni tahlil qilishimiz, shuningdek, istiqbolda muvaffaqiyatli hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan o‘sish nuqtalarini birgalikda belgilab olishimiz muhim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston va Belarus munosabatlari keyingi yillarda ancha jonlandi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti bunga muhim asos bo‘ldi. Toshkentda va turli xalqaro sammitlar doirasida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olingan edi.
Belarus O‘zbekistonga nima taklif qilishi mumkin
Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalar tarixida O‘zbekiston prezidentining Belarus Respublikasiga ilk rasmiy tashrifi ekani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralarda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari uchinchi mamlakatlar bozorlarini o‘zlashtirish maqsadida kooperatsiyani kuchaytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, belaruslik sheriklar tajribasini hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorligidagi istiqbollar ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev kelishidan oldin Minskda qanday shartnomalar tayyorlab qo‘yildi?
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.