TOShKENT, 31-iyul - Sputnik. 4-avgust kuni start beriladigan Xalqaro armiya o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan 10 ta xorijiy davlat harbiylari qizg‘in tayyorgarlikni boshlab yubordi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.
Jamoalar xalqaro tanlov doirasida erkak va ayol harbiy xizmatchilar individual mahoratlarini AK-74 avtomati va PM to‘pponchasidan otish, TAYFUN-K harbiy texnikasi orqali to‘siqli yo‘llarni yengib o‘tish, tibbiy xizmat harbiylarining majmuaviy mashg‘ulotlari (to‘siqli yo‘lak va shaxsiy mahorat) hamda maxsus harbiy texnikani haydash mahorati shartlari bo‘yicha tayyorgarlik mashg‘ulotlarida namoyish etdi.
Jahonning turli mintaqalaridan tashrif buyurgan mehmonlar amaliy tajribalariga ishonch hosil qilibgina qolmay, mamlakatning iqlimiga moslashmoqda.
“Qardosh o‘zbek xalqining naqadar tantiligi, mehmondo‘stligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Buning uchun men, o‘zbek xalqiga Ozarbayjon xalqi nomidan rahmat aytaman. Kayfiyatimiz a’lo darajada... Ayni damda otish tayyorgarligi mashqlarini bajarapmiz. Yuz va ellik metr uzoqlikda joylashgan nishonni yakson qilish tajribali merganlarga murakkablik tug‘dirmadi”, – deydi ozarbayjonlik tibbiy xizmat katta leytenanti Guntekin Mamedzoda.
4 avgust kuni start oladigan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida Armaniston, Angola, Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Zimbabve, Qozog‘iston, Myanma, Tojikiston va Venesuela (kuzatuvchi maqomida) kabi davlatlar g‘oliblik uchun o‘zaro kurashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga kelgan xorijlik harbiylar Samarqandni ziyorat qilgani xabar qilingan edi.