TOShKENT, 30-iyul - Sputnik. NATOning Afg‘onistondagi "Qat’iy ko‘mak" missiyasi MOONSA, ya’ni BMTning Afg‘onistonga ko‘mak berish bo‘yicha missiyasi tomonidan e’lon qilingan oddiy aholi o‘rtasidagi qurbonlar bo‘yicha bayonotiga e’tiroz bildirdi, deb xabar qilgan RIA Novosti.
Ilgariroq MOONSA 2019-yilning birinchi yarim yilligida Afg‘onistonda 1 366 tinch aholi halok bo‘lgani, 2 446tasi jarohatlangani haqida bayonot e’lon qilgan edi. Hujjatga muvofiq, fuqarolarning aksariyat qismi Afg‘onistondagi hukumatga qarshi kuchlar aybi bilan halok bo‘lishgan, so‘nggi oylarda hukumat kuchlari harakatlari oqibatida halok bo‘lgan fuqarolar jangarilar aybi tufayli halok bo‘lganlar ko‘rsatkichidan oshib ketgan.
Afg‘onistondagi NATOning "Qat’iy ko‘mak" missiyasi o‘z bayonotida BMT dokladiga qat’iy e’tirozini bildirgan. NATO missiyasi o‘z yuayonotida fuqarolarga ziyon yetkazishning oldini olish maqsadida aniqlik va nazoratning eng oliy standartlariga amal qilib ishlashi haqida ma’lum qilgan.
Afg‘onistonda 2015-yilning 1-yanvaridan NATOning jangovar bo‘lmagan "Qat’iy ko‘mak" missiyasi faoliyat olib bormoqda. Missiya bosh maqsadi afg‘on kuch tuzilmalarini o‘qitish va ularga maslahat berishdan iborat. Missiya NATO qo‘mondonligi ostidagi AQSh va xalqaro kuchlar aksilterror koalitsiyasi tomonidan xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan jangovar operatsiya o‘rniga kelgan. Sal keyin NATO Afg‘onistondagi jangovar operatsiyaga qaytish niyatida emasligini, 2014-yildagi jangovar missiyani yakunlash haqidagi qarorini xato deb hisoblamasligini ma’lum qilgan.
Afg‘oniston hukumat kuchlari va mamlakatning qishloq tumanlarida kattagina hududlarni egallab, yirik shaharlarga bosqinchilik ishlarini keng yo‘lga qo‘ygan "Tolibon" radikal harakati jangarilari o‘rtasida qarama-qarshilik ro‘y bermoqda. Afg‘oniston milliy mudofaa hamda xavfsizlik kuchlari butun mamlakat bo‘ylab hamkorlikda terrorizmga qarshi kurash operatsiyalarini o‘tkazmoqdalar.