TOShKENT, 30-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Mehnat vazirligi 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyati Rishton tumanida o‘tkazilgan ommaviy hasharni noqonuniy deb baholadi.
“Vazirlar Mahkamasining 349-son Qaroriga muvofiq, hashar faqat ixtiyoriy asosda o‘tkazilishi belgilangan. Umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lishi shart. Hasharlar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmaydi”, - deyilgan xabarda.
Undan tashqari, Mehnat vazirligi tomonidan hasharda ishtirok etgan “Azot” AJ, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi”, “Farg‘ona Issiqlik energo markazi” MChJ korxonalarda majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini o‘rganish uchun 3 ta guruh komissiya tuzildi.
Ushbu munosabat bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi joylardagi davlat hokimiyat organlari rahbarlaridan har qanday majburiy mehnat ko‘rinishlarini to‘xtatishni talab etadi, deyilgan xabarda.