TOShKENT, 29-iyul – Sputnik. Turkiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi (Turkiya) Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil 28-iyul kuni Samatya Hastenesi tibbiyot muassasasida O‘zbekiston fuqarosi X.M. vafot etdi. Bu ayol baxtsiz hodisadan keyin kasalxonaga yotqizilgan edi.
"Shu kunning o‘zida ushbu kasalxonada Istanbul shahri tumanlaridan biridagi voqea natijasida pichoq yaralari bilan kasalxonaga yotqizilgan boshqa bir O‘zbekiston fuqarosi N.Z. halok bo‘lgani ma’lum qilindi", - deyilgan TIV xabarida.
Ushbu voqealar asosida Turkiya huquqni himoya qilish organlari tomonidan tergov ishlari boshlangan.
Bosh konsulxona ushbu holatlarni nazoratga olgan va halok bo‘lganlarning qarindoshlariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam bermoqda.