TOShKENT, 27-iyul - Sputnik. Myanma, Rossiya, Angola va Armaniston harbiy delegatsiyalari "ArMI – 2019"da ishtirok etish uchun "Forish" poligoniga yetib keldi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.
26 iyul kechasi Myanma davlatidan kelgan mehmonlar kutib olingan bo‘lsa, 27-iyul erta tongida Rossiya, Armaniston va Angola davlatlarining harbiy delegatsiyalari belgilangan manzilga yetib keldi.
Myanma davlatidan 17 nafar, Rossiya Federatsiyasidan 31 nafar, Armanistondan 18 nafar hamda Angoladan 9 nafar mehmon dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan so‘ng poligonda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26-iyul kuni Vyetnam harbiy delegatsiyasi tanlovda ishtirok etish uchun birinchi bo‘lib yetib kelgandi.
Shuningdek, bugun Ozarbayjonlik harbiylarning ham "Forish"ga yetib kelishi kutilmoqda.
Musobaqalarga 4-avgust kuni start beriladi. Unga iadar mehmonlar uchun Samarqand shahrida joylashgan diqqatga sazovor qadamjolar bo‘ylab ekskursiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.