TOShKENT, 25-iyul – Sputnik. Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “O‘ztransgaz” AJ mutasaddilari ishtirokida "Mamlakatda iste’molchilarni elektr energiyasi, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash masalalari" mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida mutasaddilar tabiiy gaz iste’molchilarini bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlashda viloyat gaz ta’minot boshqarmalarining gaz xo‘jaligini 2019-2020 yillar kuzgi-qishgi mavsumga tayyorlash, gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish masalalari yuzasidan ma’lumot berishdi.
“Hukumatimiz tomonidan joriy yil boshida respublika gaz ta’minotini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilab berilgan aniq yo‘nalishlar asosida olib borilgan ishlar natijasida o‘tgan yilning kuz-qish davrida 217 ming 563 ta aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar barataraf qilinib, ahvol yaxshilandi, dedi jamiyat boshqaruv raisi o‘rinbosari Muratilla Boshmanov.
Bundan tashqari, gaz taqsimoti tizimidagi nuqsonlarni bartaraf etish, tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berish jarayonidagi texnologik yo‘qotishlar hajmini kamaytirish, zamonaviy gaz jihozlari va energiyatejamkor texnologiyalarni tadbiq etish maqsadida “O‘ztransgaz” AJ tomonidan gaz taqsimoti tizimiga yangi standartlar joriy etilmoqda.
Boshmanov so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, gaz taqsimotini 3-bosqichli tizimdan (yuqori, o‘rta, past) 2 bosqichli (yuqori,past) tizimga o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti.
2019 yilda respublika bo‘yicha iste’molchilariga jami 468 046,0 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Joriy yil yanvar-iyun oylarida 232 136,0 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 227 185,2 tonna (97,9%), yoki rejaga nisbatan 4 950,8 tonna kam suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Joriy yilning 3-choragida 117 490,0 tonna va 4-choragida 118 420,0 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi kutilmoqda.
Aksionerlik jamiyati mutasaddilarining so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy gaz elektron hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Artel” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Kelgusida shartnoma tuzilib, respublika aholisini zamonaviy gaz elektron hisoblagichlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Gaz hisoblagichlari 3,4 mln iste’molchiga “O‘ztransgaz” AJ o‘z mablag‘lari tomonidan o‘rnatiladi. Gaz elektron hisoblagichlari bosqichma-bosqich o‘rnatilib, birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlar olib boriladi va iste’molchilarga zamonaviy gaz elektron hisoblagichlari o‘rnatiladi.