TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Vladimir Putin Kremlda Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, uchrashuvda Rossiya rahbari Putin Atambayev bilan mintaqa va respublikadagi vaziyatni muhokama qilgan.
“Ha, men Almazbek Sharshenovich (Atambayev) bilan uchrashdim. Biz mintaqa va Qirg‘izistondagi vaziyat haqida suhbatlashdik”, - dedi Putin jurnalistlarga.
Rossiya yetakchisi amaldagi va yuqori lavozim vazifalarini tark etgan hamkasblari bilan muloqot qilishga hamisha tayyorligini ta’kidlagan.
Putin Qirg‘iziston uchun hozirda siyosiy barqarorlik muhim ekanligi, mamlakat aholisi amaldagi prezident Sooronbay Jeenbekov atrofida birlashishi va unga davlatni rivojlantirishda ko‘maklashishlari kerakligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq daxlsizlik huquqi va sobiq prezident maqomidan mahrum qilingan Atambayev Moskvaga xususiy samolyotda uchish uchun yo‘lga otlangani xabar qilingan edi.