Birinchi avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

CC0 / pixabay / Kalendar. Illyustrativnoe foto
Kalendar. Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Avgust oyidan boshlab mamlakatda hayotning turli sohalariga oid yangiliklar kuchga kiradi. Masalan, ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi, fuqarolardan ayrim ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanadi. Batafsil – maqolada.

TOShKENT, 23-iyul – Sputnik. Adliya vazirligi 2019-yil 1-avgustdan O‘zbekiston qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqida eslatib o‘tdi.

1. Fuqarolardan ayrim ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.

Ushbu hujjatlarni davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar davlat soliq xizmati organlari, ATB “Xalq banki”, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan elektron o‘zaro hamkorlik orqali mustaqil ravishda so‘raydilar va oladilar.

2. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va yagona soliq to‘lovchilar safi kengayadi.

Yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin.

Kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ayrim xodimlarining ish haqi oshadi.

Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razradlariga ko‘ra vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi. Batafsil quyidagi maqolada tanishishingiz mumkin.

4. Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi.

Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi. Batafsil quyidagi maqolada tanishishingiz mumkin.

5. Majburiy ijro burosini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar miqdori o‘zgaradi.

  • gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan tabiiy gazni sotishdan tushadigan mablag‘lardan Majburiy ijro burosini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘ini chegirib tashlagan holda, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi;
  • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablag‘lardan Jamg‘armaga ajratmalar, qo‘shilgan qiymat solig‘i chiqarib tashlangan holda, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi;
  • tabiiy gaz va elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tijorat banklari tomonidan avtomatik tartibda amalga oshiriladi.

6. Ayrim turdagi tovarlarni markirovkasiz sotish taqiqlanadi.

2019 yilning 1-avgustidan boshlab, tovarlar toifasidan kelib chiqib, import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda bosqichma-bosqich majburiy markirovkalash joriy etiladi.

Bunda 39 turdagi tovarlar 2019-yilning 1-avgustidan boshlab majburiy tartibda markirovkalanadi. 

7.  Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga qo‘shimcha kafolatlar beriladi.

Olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan budjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta’minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga (mobil aloqa operatorlaridan tashqari) 10-yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

  • ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;
  • “O‘zbektelekom” AK tomonidan Internet tarmog‘iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat’i nazar yagona tarif bo‘yicha taqdim etilishi;
  • olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya vositalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg‘araz asosda taqdim etish.

Shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini yaratishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.

8. Baholovchilar toifalanadi.

Baholovchilarning malaka darajasi va baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlaridagi a’zoligidan kelib chiqqan holda toifalanadi.

Toifalash natijalarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Yangiliklar lentasi
0