TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. “Adolat” SDP deputatlari avtomobilni jazirama issiqdan himoya qilishning yangi usulini muhokama qilishdi.
Bu yilgi yoz oylari O‘zbekiston meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng issiq ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, bunday jazirama kunlar avtomobil haydovchilariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik, ayniqsa, haydovchilar tomonidan qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan mavzu, shubhasiz, avtomobil oynalarini qoraytirish (“tonirovka”) masalasidir.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari fuqarolarni qiynayotgan ushbu masala yuzasidan, aholi fikrlari, ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlar va mutasaddi vazirlik pozitsiyasini o‘rganib, ham xalq manfaatlari, ham xafvsizlik talablarini inobatga olgan holda, o‘z takliflarini ishlab chiqqan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda avtotransport vositalariga ehtiyot qismlari bilan savdo qilish do‘konlarida termal plonkani uchratish mumkin. Ushbu plonka bir muncha shaffof bo‘lib, uning asosiy vazifasi avtomobil salonini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlab, jaziramada isib ketishini bir muncha kamaytiradi.
“Taqdim etilgan namunalardan ko‘rish mumkinki, termal plonka o‘zining xususiyatiga ko‘ra, tonirovka plonkasidan ancha ustunlikka ega va haydovchilar uchun ham yon-atrofni ko‘rishga xalaqit bermaydi. Eng asosiysi, transport vositasining ichidagi shaxslar tashqaridan bemalol ko‘rinadi va hech kimning xavfsizligiga daxl qilmaydi”, - deyiladi xabarda.
Deputatlarning ushbu tashabbusini yig‘ilishda hozir bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi va “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari qo‘llab-quvvatlashdi va bu orqali fuqarolarga avtomobildan foydalanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratilishi ta’kidlandi.
Deputatlar avtomobil oynalarini parda bilan to‘sishga ruxsat berish bo‘yicha taklif kiritdi
Ma’lum qilinishicha, ushbu masalada muammoning yechimi sifatida Hukumat qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi taklif tayyorlanmoqda. Ya’ni, Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4-bandiga muvofiq, transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lsa, undan foydalanish taqiqlanishi belgilangan normani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
“Tonirovka” uchun jarima keskin oshirilishidan nima maqsad – YHBB javobi
Xabarda mamlakatda ushbu 70 foiz cheklovi 15 foizga, ya’ni 55 foizgacha tushirilsa, haydovchilar bemalol termal plonkadan foydalanishi mumkin bo‘lishi ta’kidlangan. Ularning fikriga ko‘ra, bu esa, nafaqat yo‘lovchilarga, balki, haydovchilarga ham afzalliklar tug‘diradi.