TOShKENT, 19-iyul - Sputnik. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2020-yildan sifati, veterinariya nuqtayi-nazaridan kafolatlangan go‘shtlarni elektron ma’lumotlar bazasi joriy qilinadi.
Bu haqda bugun jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Mana shu elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan go‘shtni sotish ham, undan foydalanish ham ta’qiqlanadi", - dedi u.
Xususan, 2020-yildan boshlab bozor, super market va fast-fudlarga yetkazib beriladigan go‘shtlarning elektron bazasi bo‘lishi shart etib belgilanadi.
Akbarovning aniqlik kiritishicha, ushbu elektron bazalar dasturi faqatgina zamonaviy ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida o‘rnatiladi va mana shunday maxsus korxonalarda so‘yilgan hayvon go‘shtlari ushbu bazaga kiritiladi.