TOShKENT, 18-iyul – Sputnik. Rossiyaning Samara viloyatida joylashgan “Koshelevskiy posad” korxonasida ishlaydigan 68 nafar O‘zbekiston fuqarosi “noma’lum moddadan zaharlanish” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi, deb xabar qilmoqda TIV konsullik departamenti.
“Bosh konsulxona mazkur korxona va hamurtlarimiz davolanayotgan tibbiyot muassasalari rahbariyati bilan aloqa o‘rnatilgan hamda vaziyat nazoratga olingan”, - deyilgan xabarda.
Ish beruvchi korxona ushbu vaziyat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha moliyaviy xarajatlar o‘z hisobidan qoplanishini ma’lum qilgan. Mehnat migrantlarining barchasi qonuniy ravishda ishlayotgani va mehnat shartnomasiga ega ekanligi aytib o‘tilgan.
TASS xabariga ko‘ra, ayni damda zaharlanish sabablari o‘rganilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi 16-17 iyul kunlari yengil va o‘rta zaharlanish tashhisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ishchilar Sizran tumanida alohida binoda yashagan, o‘zlari uchun ovqatni o‘zlari tayyorlagan.
Ochiq manbaalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Koshelevskiy posad” korxonasi 2001-yildan buyon qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi.