TOShKENT, 12-iyul – Sputnik. “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi “Million” guruhi ijodiy jamoasiga rasmiy ogohlashtirish xatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi tomonidan joriy yilning 25-iyundagi navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston va uning tashqarisida konsert dasturlarini muntazam ravishda o‘tkazib kelayotganligi bois “Million” guruhining doimiy a’zolariga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi beruvchi litsenziya reytingining 2-guruhi berilib, ularning har biriga yillik 19 867 540 so‘mdan davlat boji uchun to‘lovlarni amalga oshirilishi belgilandi.
“Shu bois, Muassasaga konsert o‘tkazish uchun taqdim etilgan konsert ssenariysida ko‘rsatilgan “Million” guruhi ijodiy jamoasi a’zolari (Davron Kabulov, Mirkomil Musayev, Alisher Batirov, Ma’ruf Nosirov, Nig‘matjon O‘tkirov, Feruza Normatova, Umidjon Haydarov) litsenziyalari uchun har biriga alohida yillik 19 867 540 so‘mdan, konsert dasturidagi “Shovvozlar” guruhi va qolgan a’zolarga esa (ushbu to‘lov ishtirokchilar sonidan va muassasaga to‘langan so‘mdan kelib chiqib qayta hisoblanadi) reytingning 4-guruhi bo‘yicha har biriga alohida yillik 8 109 200 so‘mdan miqdoridagi to‘lovlar to‘lanishi ma’lum qilinadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Sizdan ijodiy jamoangiz litsenziyalari uchun (umumiy 13 nafar a’zolarga) yillik jami 187.727.980 so‘m davlat bojini “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining maxsus hisob raqamiga joriy yilning 16-iyuliga qadar to‘lashingiz so‘raladi.
Aks holda, Muassasa va “BRAVO MUSIC” MChJ ya’ni, (“Million”) guruhi ijodiy jamoasi o‘rtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi bekor qilinadi”, - deyilgan xabarda.