TOShKENT, 14-iyul – Sputnik. Jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chmas mulklarini turli sabablarga ko‘ra buzish huquqini to‘liq sudlarga topshirish kerak, dedi O‘zLiDep deputati Rasul Kusherbayev, O‘zA xabariga asosan.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklarini davlat, jamiyat ehtiyoji uchun degan bahonalar bilan qonunlarga rioya qilmasdan buzish holatlari ko‘plab uchramoqda.
“Biz fuqarolarning ko‘chmas mulkini buzish haqida qaror qabul qilish vakolatini hokimlardan olib, to‘liq sudlarga berishimiz zarur. Chunki ko‘pchilik hokimlar bu boradagi qonun talablarini buzib, fuqarolarning mulk huquqlariga putur yetkazmoqda. Sud esa qonunlarga asosan qaror qabul qiladi”, - deydi deputat.
Kusherbayevning fikriga ko‘ra ushbu bilan, ko‘chmas mulk egalari, tadbirkorlarning mulk daxlsizligini ta’minlashda yangi qadam tashlangan hamda xorijiy investorlarni mamlakatimizga yanada ko‘proq jalb qilishga ham turtki bo‘ladi.
Shuningdek, deputat sudlar jamoatchilik oldida hisobot berishi kerak va agar ularning ishi qoniqarsiz deb topilsa – lavozimidan ozod qilinishi kerak – degan tashabbusni ham ilgari surdi.