TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. 2019 yilning 15-iyuliga qadar gaz va elektr energiyasi uchun yangi tariflar e’lon qilinadi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbirining savoliga javob bergan "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov ma’lum qildi.
“15 iyulga qadar aniq raqamlarni keltiramiz, qancha va nima sababdan oshmoqda”, - dedi Sidiqov.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida O‘zbekiston hukumati energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqdi.
So‘nggi ikki yilda mamlakatda aholi, ijtimoiy va ishlab chiqarish obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash va xarajatlarni optimallashtirish talab etilmoqda. Bularsiz tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga faol investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz.
O‘zbekistonning olis qishloqlari qachon gazlashtiriladi - "O‘zbekneftgaz" javobi
Shu bois, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflyatsiya darajasiga yaqin miqdorda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil bo‘lishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan.