TOShKENT, 11-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov Rossiya sport vaziri Pavel Kolobkov bilan uchrashdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuv davomida har ikki tomon o‘zaro hamkorlik borasida qator loyihalar xususida kelishuvga erishishdi.
“Rossiya va O‘zbekiston uzoq yillik mustahkam aloqalarga ega va biz bu hamjihatlikni davom ettirishga tayyormiz. Rossiya sport vazirligi va Rossiya olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston tomonining Rossiya sport vazirligi hamda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik qilish borasida 2019-yil uchun tuzilgan harakat rejasini ma’qullaydi. Mazkur loyiha hududlarda sportdagi ilm-fan yutuqlari, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi axborot almashinuvi, sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlar tashkil qilish tajribasi, shuningdek, ikki Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida chuqur hamkorlik qilish imkoniyatini yaratadi”, – dedi Rossiya sport vaziri Pavel Kolobkov.
Uchrashuv mobaynida o‘zbekistonlik sportchilarning katta musobaqalarga tayyorlanishi uchun Rossiya sport vazirligiga qarashli sport bazalari taqdimoti ko‘rsatildi.
Tashrif davomida Shoabdurahmonovga MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori, professor Abdushukur Sadikov hamrohlik qildi va Rossiyadagi sport tibbiyoti sohasi mutaxassislari bilan tajriba almashdi. Uchrashuv so‘ngida Rossiya sport vaziriga O‘zbekiston MOQning esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.