TOShKENT, 11-iyul – Sputnik. Takroran so‘roqqa chaqirtirilgan Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bu safar ham Ichki ishlar vazirligiga bormadi. Bu haqda uning advokati Sergey Slesarev RIA Novostiga ma’lum qildi.
“Atambayev kecha keltirilgan chaqiruv qog‘ozi ko‘ra so‘roqqa borishdan bosh tortdi”, - dedi advokat.
Chorshanba kuni Qirg‘iziston IIV bosh tergov boshqarmasi jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozodlikka chiqarilishi ishi bo‘yicha guvoh sifatida ko‘rsatma berishi uchun Atambayevni takroran so‘roqqa chaqirtirgan edi.
“Bunaqa chaqiruv qog‘ozlar hali ko‘p keladi, lekin Almazbek Sharshenovich IIVga bormaydi. Uning daxlsizlik huquqi va davlat soqchisi bor. Agar majburan so‘roqqa olib borishga urinishsa, bu qonun buzilishi bo‘ladi”, - deya ta’kidladi Slesarev.
Eslatib o‘tamiz, Almazbek Atambayevga so‘roqqa kelish haqidagi birinchi chaqiruv qog‘ozi 9-iyulda kelgan. Biroq sobiq prezident so‘roqqa borishdan bosh tortib, chaqiruv qog‘ozini hatto qo‘liga olmasligini aytgan.
Qirg‘iziston parlamenti 20-iyun kuni maxsus komissiya tomonidan tayyorlangan Atambayevga qarshi ayblovlar ro‘yxatini prokuraturaga topshirdi. Xulosaga ko‘ra, Atambayev bir nechta jinoyatlarni sodir etishda gumonlanmoqda. Agar sud sobiq prezidentni aybdor deb topsa, u umrbod qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin.
Atambayevning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovlar “safsata” ekanligini aytib, xalqqa halol xizmat qilganini ma’lum qilgan.