TOSHKENT, 9 iyul – Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan “Paxtachida qovun-tarvuzlar laboratoriya tekshiruvisiz sotilmoqda. Mutasaddi tashkilotlar nega nazorat olib bormayapti?” maqolasi yuzasidan bayonot tayyorladi.
Bayonotda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 532-sonli qaroriga muvofiq, bozorlar, savdo tashkilotlari va boshqa savdo obʼyektlarida poliz mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash hamda realizatsiya qilish uchun Veterinariya uchastkalari va bozorlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari tomonidan veterinariya-sanitariya ekspertizasi va laboratoriya tahlillari oʻtkazilib, xulosa beriladi.
Shunga koʻra, hozirda dehqon bozorlari hududida sotilayotgan poliz mahsulotlari xavfsizlik koʻrsatkichlariga tekshirish va realizatsiya qilishga ruxsat beruvchi maʼlumotnoma yozib berish vakolati faqat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tasarrufidagi dehqon bozorlari qoshida joylashgan veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari (VSEL) tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu laboratoriyalarda tahlillar oʻtkazilmasa yoki tahlil natijalari meʼyorlarga javob bermasa, qishloq xoʻjaligi, jumladan, poliz mahsulotlarini bozorlar, savdo shoxobchalariga olib kirish va sotish qatʼiy taqiqladi.
Bozorlardan tashqari joylarda poliz mahsulotlarini sotish faqat mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan dislokatsiya boʻyicha ajratilgan joylarda amalga oshirilishi hamda hududiy VSEL maʼlumotnomasi bilan sotilishi lozim.
– “Xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarning faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar va fuqarolar tomonidan murojaat boʻlganda qishloq xoʻjaligi va poliz mahsulotlari davlat tomonidan xavfsizlik koʻrsatgichlari boʻyicha laboratoriyada tekshirilishi va tegishli xulosalar berilishi mumkin. Yaʼni, amaldagi qonunchilikda sanitariya-epidemiologik xulosalar olinishi ixtiyoriy boʻlib, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan murojaat boʻlganda, ushbu mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida, shuningdek, aholi oʻrtasida kasallanish holatlari toʻgʻrisida xabar kelib tushgan holatlardagina Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi qishloq xoʻjaligi va poliz mahsulotlarining xavfsizlik koʻrsatkichlarini laboratoriyalarda toʻliq tekshirib berish vakolatiga ega boʻladi. Hududiy DSENMlarida esa bunday tekshiruvlarni oʻtkazish imkoniyati mavjud," – deydi Davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Bahrom Almatov.