TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Yakshanba kuni kechqurun Gruziyaning yirik telekanallaridan biri hisoblangan “Rustavi-2” telekanali boshlovchisi Georgiy Gabuniya Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning marhum ota-onasini qattiq haqorat qilganidan so‘ng telekanal atrofida favqulodda norozilik namoyishi boshlanib ketdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Gruziya.
Telekanal atrofida yuzlab odamlar jamlanib telekanal boshlovchisini haydashni va umumsan “Rustavi-2”ni yopishni talab qila boshlashdi. Namoyishchilarni eng qattiq g‘azabga solgan narsa – bu teleboshlovchining Putinning marhum ota-onasini haqorat qilishi bo‘ldi. Ma’lumki, Gruziyada ham O‘zbekistonda bo‘lgani kabi ota-onani juda hurmat qilishadi.
Telekanal xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida uning atrofi politsiya bilan o‘rab olindi. Ayni damda Gruziya rahbariyati va TIV ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.
“Biz Rustavi-2 telekanali boshlovchisining so‘zlarin qattiq qoralaymiz. Ushbu voqeaning so‘z erkinligiga hech qanday aloqasi yo‘q, ushbu so‘zlar faqat provokatsiya bo‘lib, faqatgina Rossiya-Gruziya munosabatlarini murakkablashtirishga qaratilgan”, - deyilgan Gruziya tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili feysbukda ham boshlovchining ushbu so‘zlarida hech qanday vatanparvarlik hissi yo‘qligini, u o‘zining ushbu so‘zlari bilan Gruziya manfaatlariga katta zarar yetkazganini yozib qoldirgan.
“Rustavi-2” telekanali Gruziyaning sobiq prezidenti Saakashvili yetakchilk qilgan “Yagona milliy harakat” partiyasiga tegishli bo‘lgan. Ayni damda partiya barcha yo‘nalishlarda inqirozga uchragan bo‘lsada, uning ayrim vakillari haliyam provokatsiyalar uyushtirishga urinishlarini to‘xtatmagan.