TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Samarqandda 9 yoshli bola it tishlashidan vafot etdi.
O‘zbekiston SSV xabariga ko‘ra, Respublika davlat sanitariya epidemiologiya markazi epidemilogik surishtiruv ishlarini olib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 4-iyun kuni Samarqand tuman, “Ravanak” mahallasida istiqomat qiluvchi 2010-yilda tug‘ilgan K.M.ni noma’lum oq rangli kichkina it uyi oldida o‘ng qo‘l bilak sohasini yuzaki tirnab, tan jarohati yetkazgan. Holatdan xabar topgan bemorning onasi unga zudlik bilan mahalliy usulda xo‘jalik kir sovuni bilan jarohat joyini yuvib, tibbiyot etil spirti yordamida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Ammo uning ota-onalari jarohatga loqaydlik bilan qarab, profilaktika maqsadida tez tibbiy yordamga yoki hududga yaqin bo‘lgan davolash muassasiga murojaat etmagan.
Natijada oradan qariyb 23 kun o‘tib bolada tana haroratining ko‘tarilishi, bir necha marotaba qayt qilish, suv ichganda yutina olmaslik, tez-tez sovuq qotish hamda kuchli diareya belgilari kuzatila boshlangan. Ertasi kuni ushbu alomatlar yanada zo‘rayib, bemor ahvoli og‘irlashib qolgan. 29-iyun kuni Samarqand tuman markaziy poliklinikasi infeksionisti tomonidan tekshirilganda, unda qutirish belgilari aniqlanadi va u shu zahotiyoq tez tibbiy yordam mashinasida viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga yuboriladi.
U yerda bolaga shifoxona maslahat guruhi tomonidan noma’lum itdan jarohat olganligi sabab qutirish kasalligi belgilari bilan “A 82.0 ga gumon” tashxisi qo‘yilgan.
Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining bir guruh malakali mutaxassislari tomonidan bemor uchun barcha zarur davo choralari qo‘llanilgan. Ammo shifokorlarning shuncha urinishlariga qaramay, jarohatga loqaydlik bilan munosabatda bo‘linganligi va og‘ir darajaga kelib qolganligi sabab bemor hayoti saqlab qolinmagan.
“Ayni paytda M.K.ning patologoanotomik organlaridan namuna olinib, ixtisoslashgan laboratoriyada tekshiruvlar o‘tkazilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Xabarda viloyat “Ravanak” mahallasi aholisi nazoratga olingani va zarur tadbirlar belgilangani qayd etilgan. Natijada, hudud aholisi va hayvonlar o‘rtasida kasallik belgilari aniqlanmagan.