TOShKENT, 2-iyul – Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida” qonun loyihasini tayyorladi.
Loyihada aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘RQ-276-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010 y., 52-son, 508-modda; 2017 y., 37-son, 978-modda) 8-moddasi uchinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirish nazarda tutilgan:
“Mazkur muddatning o‘tishi bilan davlat tibbiyot muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza markazlari va patologik-anatomiya xizmati vafot etgan shaxsning talab qilib olinmagan tanasini dafn etish uchun maxsus xizmatlarga yoki ta’lim jarayonida va ilmiy tadqiqotlarda foydalanish uchun tibbiyot muassasalariga berib yuborish huquqiga ega”.
Shuningdek, hujjat loyihasida Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruvi organlari ushbu qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlashi, qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlash vazifalari yozilgan.