TOSHKENT, 28 iyun – Sputnik. 2019 yilning birinchi choragiga koʻra, Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi miqdori 19,6 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu raqamlar Markaziy bank hisobotida keltirib oʻtilgan.
Umumiy tashqi qarz rezidentlarning norezidentlar oldidagi asosiy qarz va foizlarni toʻlash talab qilinadigan majburiyatlarini aks ettiradi. Umumiy tashqi qarz davlat va xususiy sektor qarzlarini oʻz ichiga oladi. Umumiy tashqi qarz tahlili shuni koʻrsatdiki, 2013-2016 yillar davomida qarzdorlikning oʻsishi har ikkala sektorda kuzatilgan.

Biroq, 2017-2018 yillarda xususiy sektor tashqi qarzining kamayishi kuzatildi. 2019 yilning I choragida xususiy sektor tashqi qarzi asosan tijorat banklari tomonidan qarz olishning koʻpayishi hisobiga yana oʻsishni boshladi.
Oʻzbekiston tashqi qarzi muntazam oʻsib bormoqda – bu yaxshimi yoki yomon?
2019 yilning I choragi davomida davlat sektori tashqi qarzi 2018 yilda kuzatilgani kabi oʻsish surʼatini saqlab qoldi hamda ushbu oʻsish surʼatining joriy tendentsiyasi yil oxirigacha saqlanib qolishi kutilyapti. Ushbu jarayon hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzdorliklarni jalb qilinishi bilan izohlanishi mumkin.
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston tashqi qarzi muntazam oʻsib bormoqda. Bu yaxshimi yoki yomon? Quyidagi maqolada bu savollarga javob keltirilgan.