TOShKENT, 26-iyun – Sputnik. Jonivorga nisbatan shafqatsizlik fakti aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgach, Toshkent shahar IIBB tekshiruv o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, itning egasi Oqiljon I. tanishi Ikrom B.dan Oqiljonni gapiga qaraganda “quturib” voyaga yetmagan 16 yoshli Shuhrat A. ismli qarindoshini tishlagan alabay zotli itini otib o‘ldirishni so‘ragan. Ammo Shuxrat A. shifokorga murojaat qilmagan.
22-iyun kuni Oqiljon I. o‘z itini “Bektemir go‘sht kombinati” MChJ hududiga olib kelgan va u yerda Ikrom B. o‘g‘li Chingiz B.ga “TOZ-34” rusumli ov quroli bilan itni otib o‘ldirgan. So‘ng 39 yoshli Sergey Ch. itning go‘shtini ovqat tayyorlash maqsadida ajratib olgan.
Bo‘lib o‘tgan voqeani ularning tanishi bo‘lgan Sardor X. o‘ziga tegishli telefonga videoga olib, instagramdagi sahifasiga joylagan.
Oqiljon I. va Ikrom B. jonivorga nisbatan shafqatsizlik qilganlik fakti bo‘yicha O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (“Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish”) sud tomonidan aybdor deb topilib, har birlariga 405 460 so‘m jarima solindi.
Sergey Ch. O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasi (“Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish”) bo‘yicha 202 730 so‘m jarimaga tortildi.
Sardor X. ma’muriy sud tomonidan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasi (“Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish”) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan EKIHning 50 baravari miqdorida, ya’ni 10 136 500 so‘m jarima jazosi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari buzilganligi sababli, o‘qotar qurol egasi bo‘lmish Chingiz B.ga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 221-moddasida (“o‘qotar qurollarni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) muddatlarini yoki ularni hisobdan o‘tkazdirib qo‘yish qoidalarini buzish”) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, Bektemir tumani ma’muriy sudi tomonidan 67 576 so‘m jarima belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlar ventilyator oldida yotgan itining miltiq bilan otib o‘ldirilgani, bu ham yetmagandek keyin pichoq bilan itning boshini kesib olishini aks etgan video tarqalib, bir zumda ko‘plab kishilarning yuragini larzaga solgan edi.