TOShKENT, 25-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyun kuni Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, mazkur xalqaro biznes markazi sakkizta lotga ajratilgan holda barpo etilmoqda. Shu paytgacha 7 million kub metr tuproq ishlari bajarilib, ellikdan ziyod binoga mustahkam poydevor yaratildi. Bugungi kunda beton karkaslar va devorlar qurish, muhandislik tarmoqlari tortish ishlari olib borilmoqda.
Kongress-xoll va Hilton mehmonxonasi qurilayotgan 5-lot eng ilg‘or maydonlardan biri. Ushbu binolarda temir-beton, metall konstruksiya va tom yopish ishlari yakunlangan bo‘lib, qurilish hajmining sakson foizdan ziyodi bitgan. Hozirda elektr tarmoqlarini montaj qilish, ichki pardozlash va mexanika ishlari bajarilmoqda.
Prezident Kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli, besh yulduzli Hilton mehmonxonasini ham kirib ko‘rdi. Shu yerda mahalliy va xorijiy investorlar bilan suhbatlashdi.
Davlat rahbari Kongress-xoll va mehmonxonada yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, muntazam daromad topishni ta’minlash, hududda barpo etiladigan istirohat bog‘ida o‘zbekistonliklar va turistlar uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.