TOShKENT, 25-iyun – Sputnik. O‘zbekiston bosh prokuraturasi fosh etilmagan jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv va tergov tadbirlarini tashkil etish yuzasidan ma’lumotni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda jinoyatlarni fosh etish yuzasidan tezkor-qidiruv va tergov tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida joriy yilning 5 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatlarning umumiy soni 12 171 taga yoki 30,4% (17 484) ga kamaydi.
O‘tgan yillardagi jinoyatlarni hisobga olgan holda, joriy yilning 5 oyida 12 179 ta fosh etilmagan jinoyatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilindi.
Joriy yilda sodir etilgan qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish jinoyatlarini “issiq izlar” bo‘yicha o‘z vaqtida fosh etilishi ta’minlanmoqda:
"Jumladan, Qamashi va Chiroqchi tumanlarida xususiy uylarga niqoblarda kirib, bosqinchilikni amalga oshirishga daxldor bo‘lgan 5 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Yoki, Bekobod shahrida axlat yig‘ish punkti hududida shu yil 22-mayda o‘ldirilgan fuqaro R.M.ning shaxsi o‘rnatilib, qotillik fosh etildi", - deyilgan xabarda.
Ma’lumotda aytilishicha, prokuror va IIB boshlig‘ining har bir fosh etilmagan jinoyat bo‘yicha hodisa joyiga chiqish tartibi joriy etildi.