TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. Eng ko‘p qarzdorlik qurilish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning soliq qarzini undirishga, soliq qarzdorligini qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar davomida 1560 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning 21 mlrd. so‘m, 3 ming 250 nafar fuqaroning 1,7 mlrd. so‘m soliq qarzi undirildi.
“Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda eng ko‘p qarzdorlik qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida joylarda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 12 ming 765 ta qarzdor korxonaning 487,6 mlrd. so‘mdan ziyod soliq qarzi undirilgan bo‘lsa, shundan 174,8 mlrd. so‘mi aynan qurilish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda”, - deyiladi Toshkent shahar DSB matbuot xizmati xabarida.
Misol uchun, poytaxtning Chilonzor tumanida ro‘yxatdan o‘tgan KOʻPRIKQURILISHBUTLASH korxonasi rahbarlarining loqaydligi sabab to‘planib qolgan 1,2 mlrd. so‘mlik soliq qarzi majburiy undiruvga qaratilib, sud qarori asosida undirilgan.
Xuddi shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Toshkent issiqlik markazi” davlat unitar korxonasining soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan bo‘lgan qarzi oylar davomida to‘planib qolgan. Tuman davlat soliq inspeksiyasining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmagan.
Pirovardida 3,2 mlrd so‘mlik qarzdorlik korxonaning debitorlari hisobidan inkasso topshiriqnomasi asosida undirib olingan.