TOShKENT, 19-iyun – Sputnik. O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev xususiy bandlik agentliklarining ishga joylashtirish uchun katta narx qo‘yayotgani yuzasidan fikr bildirdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Menga ko‘pincha shu savolni berishadi, nega xususiy bandlik agentliklari chet elga ishga joylashtirishda katta narx qo‘yapti, deb. Bu jarayondan o‘tivolishimiz kerak, nazarimda. Raqobatni o‘zi yaqin kelajakda mehnat bozoridagi xizmat ko‘rsatish narxlarini muvozanatga olib keladi, bizga faqat ozgina vaqt kerak bo‘ladi", - deya tushuntirdi Sherzod Kudbiyev.
Vazirning aytishicha, xususiy bandlik agentliklarining xizmat ko‘rsatish ko‘lami kutilganidek katta bo‘lmadi.
Joriy yilning besh oyi davomida agentliklar ularga murojaat qilgan 21 mingdan ziyod fuqarolardan, atigi 1017 nafar fuqaroni ishga joylashtirgan bo‘lsa, shulardan 962 nafari chet elda, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari (2), Litva (40), Rossiya Federatsiyasi (398), Turkiya (509) kabi davlatlarga ishga joylashtirilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri keltirgan statistik raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonning 2,5 million fuqarosi mehnat migrantlari sifatida xorijga chiqib ketgan bo‘lsa, ulardan 2 millionga yaqini Rossiyada faoliyat yuritadi va har yili vatanga 4 milliard dollarga yaqin mablag‘larni o‘tkazadilar.