TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev "Gruz-200" bo‘yicha barcha harajatlar O‘zbekiston tomonidan to‘lanishini ma’lum qildi.
Bu haqda Kuddbiyev Toshkentda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"O‘zbekiston fuqarolari uchun "Gruz-200" to‘lov jarayonini ancha yengillashtirish qarorini qabul qildik. Bu borada Rossiya Federatsiyasidagi vakillarimizga tegishli topshiriqlarni berganmiz. Agar avval "Gruz-200" to‘lovini amalga oshirish uchun patent va soliq to‘lovlari kvitansiyalarini talab qilgan bo‘lsak, hozirda bu hujjatlar talab etilmaydi. O‘zbekiston davlati "Gruz-200" bo‘yicha harajatlarni to‘lashni o‘z zimmasigak oladi. Faqat bir jihatni e’tiborga olish muhim bu yerda, Rossiya katta davlat, va agar hodisa mamlakatning olis nuqtasida sodir bo‘lgan bo‘lsa, u yerga yetib borish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni bir oz vaqt talab etishi mumkin", - dedi Kudbiyev.
Vazir shuningdek, O‘zbekiston hukumati Rossiya Federatsiyasining istalgan burchagida joylashgan vaqtinchalik saqlash markazlaridan ham o‘z fuqarolarini o‘z hisobidan chiqarib ketishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.