TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Tatariston poytaxti Qozon shahrida O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi ochildi. Bosh konsulxona Volgabo‘yi federal okrugining 14 ta mintaqasida bo‘lgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi.
Konsulxonaning ochilish marosimida Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov ishtirok etishdi, deb xabar qildi RIA Novosti muxbiri voqea joyidan.
O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi Qozonning biznes markazlaridan birida joylashgan. Bosh konsul Fariddin Nasriyevning so‘zlariga ko‘ra, mazkur konsullik okrugiga Volgabo‘yi federal okrugining hamma 14 ta mintaqasi kiradi. Konsulxonaning asosiy vazifasi mazkur mintaqada O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish hamda O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari o‘rtasida madaniy-gumanitar va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan iboratdir.
“Bugun tarixiy voqea sodir bo‘lmoqda – Tatariston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining bosh konsulxonasi ochilmoqda. Men shu munosabat bilan qabul qiluvchi tomondan bosh konsulligimiz faoliyatini tashkillashtirishda biz his qilayotgan doimiy ko‘mak uchun juda minnatdorman. Umid qilamanki, konsullik o‘zaro munosabatlarimizning yanada rivojlanishi uchun xizmat qiladi va biz bu yerda yashaydigan, ishlaydigan fuqarolarimizga ko‘rsatiladigan konsullik xizmatlari sifatini yaxshilaymiz”, - dedi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi ochilish marosimida.
Asadov Qozonda konsullik ochilishi bilan O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashishiga umid bildirdi.
Bugungi kunda Rossiyada O‘zbekistonning bitta elchixona va beshta bosh konsulxonasi faoliyat yuritmoqda. Yaqinda Rostov-Donda yana bir vakolatxonani ochish rejalashtirilgan.