TOShKENT, 14-iyun - Sputnik. O‘zbekiston Oliy sudi "Toshkent shahriga propiskaga o‘tish, "lazeyka" bo‘lib qolganligi" haqida gapirgan Ichki ishlar vazirligi xodimi dunyo tajribasiga ko‘ra, uzr so‘rashi kerakligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin IIV vakili Badriddin Shorixsiyev jurnalistlar bilan muloqotda ko‘p bahsli holatlar, aynan propiskadan o‘tish jarayonida yuzaga kelayotgani va Toshkent shahriga propiskaga o‘tish, qo‘pol qilib aytganda, "lazeyka" bo‘lib qolgani haqida gapirgan edi.
Oliy sud matbuot xizmati yuqoridagi fikrga javoban Toshkent shahrida fuqarolarni doimiy propiska qilish O‘zbekiston Respublikasining "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi Qonuniga asosan tartibga solininishini ma’lum qilgan.
Vazirlar Mahkamasining "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi "O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida"gi Yo‘riqnoma tasdiqlangan. Mazkur Yo‘riqnomaning 4-bandiga ko‘ra, doimiy propiska qilish uchun ariza Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi)ning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga taqdim etilishi ko‘rsatilgan.
"O‘ylaymizki, bu qoida talabidan ko‘pchilik, shu jumladan, IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarma boshlig‘i ham xabardor bo‘lsa kerak? Zero, birinchidan, mazkur qonun va Nizomda fuqaroni Toshkent shahriga sud qaroriga asosan propiska qilish haqida birorta qoida mavjud emas va sudlar buni yaxshi bilishadi", - deyiladi xabarda.
Oliy sud ta’kidiga ko‘ra, amaldagi FPK talabiga ko‘ra, sud tomonidan shaxsni turar joyga doimiy propiskaga qo‘yish yoki propiskadan chiqarish sudlar vakolatiga kirmaydi, bu ichki ishlar organlarining mutloq vakolatiga berilgan.
Shu jumladan, sud statistikasi tahliliga ko‘ra, o‘tgan yillar mobaynida sudlar tomonidan kimnidir Toshkent shahriga ro‘yxatga qo‘yish, kiritish haqida bironta ham qaror chiqarilmagan.
OAVda bunday noxolis, asoslanmagan fikrlar bildirilishi fuqarolar orasida sud orqali Toshkent shahriga doimiy propiskaga o‘tish mumkin ekan, degan noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, ichki ishlar organi vakili o‘z fikrlarini yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlariga asoslanib, bildirilgan fikrlari sudlar faoliyati qonuniyligiga shubha tug‘ilishiga asos bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, xolis va haqqoniy izoh bersa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Dunyo tajribasida esa, noto‘g‘ri yoki asoslanmagan fikr bildirib qo‘ygan mansabdor shaxs tez fursatda o‘z xatosini to‘g‘irlab, uzr so‘raydi, deyiladi xabarda.