TOShKENT, 13-iyun – Sputnik. Umid Ahmadjonov O‘FA birinchi vitse-prezidentligidan bo‘shash haqida ariza yozdi. Bu haqda O‘FA xabar qildi.
Bir vaqtning o‘zida Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti sifatida ham faoliyat yuritib kelayotgan Umid Ahmadjonovich chet elga xizmat safarlari ko‘pligi bois O‘FAdagi mansabini topshirish haqida ariza yozgan.
"Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidentligi nihoyatda mas’uliyatli vazifa. Kelasi yil Tokioda Olipiya o‘yinlari boshlanadi. Mazkur musobaqaga vaqt kam qolmoqda. Xizmat safarlari ko‘p. Shu sababdan O‘zbekiston futbol assotsitsiyasi vitse-prezidentligidan bo‘shash bo‘yicha ariza yozdim. O‘ylashimcha, o‘tgan vaqt davomida o‘zbek futboli rivoji uchun astoyidil mehnat qilib, qo‘limizdan kelgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirdik. Bularning samarasi asta-sekin ko‘zga tashlanmoqda. Shu o‘rinda yurtimizda sport rivojiga, xususan, futbol rivojiga katta ahamiyat qaratib kelayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga, barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berayotgan hukumatimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman", - degan Umid Ahmadjonov.
Eslatib o‘tamiz, Ahmadjonov joriy aprelida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (MOFA) rahbarligidan ketgan edi, may oyida esa O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentligidan iste’foga chiqqan edi.