TOShKENT, 12-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda xashaki "Masha" qoramollari o‘rnini chet eldan, xususan, Yevropadan keltiriladigan zotli "shvis" va "semintallar" egallashi mumkin. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.
Bu haqda jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekiston Mehnat va bandlik vazirligi rahbari Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi.
"O‘zbekistonda imtiyozli kredit asosida berilayotgan chorva mollari - bu sersut, sergo‘sht naslli mollardir", - dedi vazir va barchaga "chet ellik" sigirlarni olib, tadbirkorlik qilishni tavsiya etishini aytdi.
U solishtirish uchun raqamlarni ham keltirib o‘tdi. Vazirga ko‘ra, shvis va simmental sigirlari kuniga 15 litrdan sut beradi. Bu esa "Masha"lar beradigan sutdan besh baravar ko‘p. "O‘zbekistonda mollar naslini almashtirish vaqti keldi", - deya qo‘shimcha qildi vazir.
Kudbiyevga ko‘ra, bu ijobiy natija beradigan jarayon. Aks holda chorvachilik bilan shug‘ullanishga bel bog‘lagan tadbirkorlar biznesga tikkan pullarini chiqarib ololmasliklari mumkin.