TOShKENT, 11-iyun – Sputnik. Saylov davrida 9 va 10-iyun kunlari Nur-Sulton va Olma-ota shaharlarida o‘tkazilgan noqonuniy mitinglar davomida 700 ga yaqin kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Qozog‘iston IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Birinchi kuni 500 kishi, ikkinchi kuni 200 kishi qo‘lga olindi. Birinchi kuni 400, ikkinchi kuni 150 kishi javobgarlikka tortildi”, - deb ta’kidladi IIV rasmiy vakili Nurdilda Oraz.
Boshqa shaharlarda qo‘lga olinganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Ruxsat berilmagan miting davomida uch nafar politsiya xodimi jarohat oldi.
IIVda ta’kidlanishicha, Nur-Sultonda va Olma-ota shaharlarida mitinglarni “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” tashkiloti (sud tomonidan ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan) tarafdorlari tomonidan uyushtirildi.
Ular xorijdagi rahbarlarning topshiriqlarini bajarishgan. Saylovlar vaqtida jamoat tartibini buzish maqsadida noqonuniy tarzda mitinglar tashkil qilishgan.