TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Toshkent shahrida D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining filiali tashkil etildi.
Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va boshqalar belgilandi.
Filialda o‘quv jarayoni 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi. Filialda quyidagi ta’lim yo‘nalish va mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlanadi:
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari:
- Materialshunoslik, nanomateriallar va nanotizimlar texnologiyalari;
- Materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi;
- Sinetetik biologik faol moddalar, kimyo-farmatsevtika preparatlari va pardoz vositalari texnologiyasi;
- Texnologik jarayon va ishlab chiqarish xavfsizligi.
Magistratura mutaxassisliklari:
- Materialshunoslik va materiallarni korroziyadan saqlash;
- Nanomateriallar kimoviy texnologiyasi.
Filialga qabul kvotalari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib, Universitet hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Davlat granti asosida ta’lim olgan Filial bitiruvchilari respublika tashkilotlariga besh yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.