TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi 2020-yilning fevral oyidan Namangan viloyatida avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Namangandagi forumda ishtirok etayotgan Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qilmoqda.
Bugungi kunda loyihaga 11 million dollar sarmoya kiritilgan. Zavod yiliga uch ming dona mashina ishlab chiqaradi.
Aksiyalarining sakson foiziga Hyundai egalik qiladi, yigirma foizi hokimiyat tasarrufida qoladi.
Avvalroq Hyundai Namangan viloyatida tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni 2019-yil sentabr oyida yo‘lga qo‘yishi xabar qilingan edi.
Kompaniya dastlab yiliga 400ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar hamda avtobuslar ishlab chiqarishni va bosqichma-bosqich bu ko‘rsatkichni 2500 taga yetkazishni rejalashtirayotgan edi.
2017-yil noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida O‘zbekistonda Hyundai avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangandi.
Hujjat respublika Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Evergreen Motors kompaniyasi— KIA va Hyundai᾽ning MDHdagi rasmiy distribyutorlari o‘rtasida imzolangan.