TOShKENT, 4-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga asosan G‘ulomjon Ibragimov salomatligi tufayli Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi, prezident matbuot xizmati xabariga asosan.
Shuningdek, prezidentning yana bir farmoniga asosan, Rustam Xolmatov Toshkent viloyati hokimi v.b. etib tayinlandi.
"Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rustam Qurbonnazarovich Xolmatov zimmasiga Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarish yuklatilsin", - deyilgan farmon matnida.
Bundan oldin Rustam Xolmatov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan edi.
Toshkent viloyati hokimiyati matbuot xizmatiga ko‘ra, ayni damda Nurafshon shahrida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiya ishida Bosh vazir A.Aripov, Prezident Administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov ishtirok etmoqda.