TOSHKENT, 3 iyun — Sputnik. Qozogʻiston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida respublikaning qoʻshnilar borasida omadi kelganini maʼlum qildi.
“Qoʻshnilar borasida omadimiz kelgan deb hisoblayman. Bizning Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Oʻzbekiston, boshqa Oʻrta Osiyo davlatlari kabi qoʻshnilarimiz bor. Lekin, birinchi navbatda, Rossiya va Xitoy haqida gapiradigan boʻlsak - BMT Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzolari boʻlgan ikki buyuk davlat, albatta, omadimiz kelgan. Chunki biz savdo qilish va doimo bir birimiz bilan muloqot qilish imkoniyatiga egamiz”, - dedi Tokayev.
Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar haqida gapirar ekan, u mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar "mutlaqo ajralmas" va "uzoq tarixiy oʻtmishga asoslangan" ekanini taʼkidladi, shuningdek, ushbu tarixiy faktni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmasligini maʼlum qildi.
Qozogʻistonda muddatdan oldingi saylovlar joriy yilning 9 iyun kuni boʻlib oʻtadi. Prezidentlikka nomzod sifatida yetti kishi, shu jumladan, Nur Otan partiyasidan ilgari surilgan Tokayev ham roʻyxatdan oʻtgan.