TOShKENT, 29-may – Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida joylashgan 4-umumta’lim maktabi o‘quvchilariga yangi stadion tuhfa qildi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, minifutbol va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan ushbu maydonning usti tabiiy o‘t bilan qoplangan bo‘lib, to‘p maydondan tashqariga chiqmasligi uchun maxsus metall to‘r panjaralari ham o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, kompaniya boshqaruv raisi v.b. Xasilov X.N. o‘zi o‘qigan shu maktab kutubxonasiga 200 dan ortiq kitob sovg‘a qildi. Shuningdek, tadbir davomida maktab o‘quvchilari uchun komputer va ko‘plab qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
“Xasilov X.N o‘quvchi va pedagoglar bilan suhbatlashar ekan, bugungi kundagi adabiyotning o‘rni va mutolaa madaniyati xususida to‘xtalib, kitob ma’naviyatni yuksaltiruvchi bebaho xazina ekanligini alohida ta’kidladi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni adabiyot, san’at, madaniyat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ayniqsa yosh avlod o‘rtasida kitob o‘qishni targ‘ib qilish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Mazkur kitob sovg‘a qilish aksiyasida o‘zbekistonlik amaldorlar, rahbarlar va o‘zbek estrada xonandalari ham ishtirok etishgan edi.