TOShKENT, 29-may – Sputnik. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “Frutto Cola” ichimligi bilan bog‘liq bo‘lgan holat yuzasidan xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, Amerika qo‘shma shtatlarining “The Coca-Cola Company” kompaniyasi O‘zbekiston hududida “Coca-Cola” alkogolsiz ichimligi uchun bir qancha tovar belgilarini qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Kompaniya Namangan viloyatida joylashgan “NORIN BOTTLERS” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Frutto Cola” alkogolsiz ichimligining etiketkasidagi ba’zi belgilar “Coca-Cola” alkogolsiz ichimligining belgilari bilan o‘xshash ekanligini ma’lum qilib, Qo‘mitadan ushbu holatni nohalol raqobat holati sifatida ko‘rib chiqishni so‘ragan.
“Ishni ko‘rish jarayonida, “NORIN BOTTLERS” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Frutto Cola” ichimligi etiketkasidagi ba’zi elementlarning haqiqatan ham “Coca-Cola” tovar belgisidagi elementlar bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash ekanligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida tovarni raqobatchining tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan qonunga xilof ravishda foydalangan holda etiketkalarga, o‘rovlarga joylashtirib sotish ta’qiqlanishi belgilab qo‘yilgan”, - deyilgan xabarda
Ta’kidlanishicha, “NORIN BOTTLERS” MChJga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish natijasida ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi va jamiyatga “Coca-Cola” tovar belgisidagi elementlar bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanish holatini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bugungi kunda “NORIN BOTTLERS” MChJ tomonidan monopoliyaga qarshi organning ko‘rsatmasi bajarildi, shuningdek “Frutto Cola” ichimligi uchun yangi etiketka dizayni ishlab chiqildi.