TOShKENT, 28-may – Sputnik. Joriy yilning iyun oyi boshlarida “Ashan Riteyl Rossiya” mamlakatning oziq-ovqat sanoati salohiyatini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘zbekiston elchixonasi xabar qildi.
Tashrif 2-iyundan 6-iyunga qadar davom etadi. Uchrashuv tashkilotchilari O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasidir.
Rossiya delegatsiyasi “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati, MChJ Agro Organic Product, Gold Dried Fruits Export va Adis Textile bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolash imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Delegatsiya Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan intensiv bog‘lar, bozorlar va savdo markazlariga tashrif buyuradi. Bundan tashqari, rossiyalik ishbilarmonlar meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlar va saqlash infratuzilmalarining rivojlanish darajasini baholash istagidalar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1-maydan boshlab “Ashan”ning Rossiya savdo tarmog‘iga sinov tariqasida meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni boshladi.
Bu haqda aprel oyi oxirida “Ashan” rahbarlari va qator mahalliy korxona delegatsiyalari o‘rtasida kelishuvga erishilgan edi.