TOShKENT, 27-may – Sputnik. Mudofaa vazirligi qo‘shinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida 25-26 may kunlari “Hech bir ijobiy g‘oya e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida “Techno Discovery-2019” festivali o‘tkazildi.
Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida o‘tkazilgan festival doirasida namoyish etilgan ixtirolarni mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazirlik mutasaddilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, shuningdek, barcha harbiy okruglar qo‘mondonlari bevosita ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston armiyasida birinchi bor o‘tkazilayotgan bu turdagi keng ko‘lamli festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchilar o‘zlarining yangicha yondoshuvlari asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan o‘zgartirish va qo‘shimchalari, uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qurilmalarni zamon talablariga moslashtirgani bilan alohida ajralib turdi.
Xusasan, maxsus tadbirlar o‘tkaziluvchi joylarda vujudga kelayotgan vaziyatlar haqida ma’lumotlar yig‘ish va ularni qayta ishlash, boshqaruvni tashkillashtirish maqsadida qo‘mondonlik va tezkor shtab ishini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan o‘zgaruvchan hajmga ega mobil qo‘mondonlik-shtab punkti ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga o‘rnatilgan ushbu punktni yaratishga 400 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan bo‘lib, bir yoki ikki kishi uni to‘liq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. Uning yordamida videokonferensiyalarni ham hech qanday qiyinchiliksiz amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda mazkur mobil punktlar Mudofaa vazirligi tashkilotlarida ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Festivalning yana bir ko‘zga ko‘ringan loyihalaridan biri bu — desantchining o‘quv-mashg‘ulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga mo‘ljllangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakraganidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini yerning o‘zida to‘liq sinab ko‘rish mumkin. Bundan tashqari “UTKD-1” qurilmasi vizualizatsiya tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, undagi maxsus dasturiy ta’minotga ega dasturiy-apparat moduli yordamida virtual reallik hosil qilinadi.
Festivalda harbiy-texnik sohaga oid ishlanmalardan tashqari hayotning barcha jabhalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan innovatsion loyihalar ham ishtirok etdi.
Jumladan, suv ostida mustaqil harakatlanuvchi robot, 3D model orqali robot harakati dasturini avtomatik yaratish tizimi, odamning yuz qiyofasini tanish orqali u haqida ma’lumot berish dasturi, zararlangan hududlardan turli namunalarni olib keluvchi robot va boshqa ko‘plab shu turdagi ixtirolar yig‘ilganlarning qiziqishini yanada orttirdi.
Festival yakunida general-mayor Bahodir Qurbonov Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollariga “Namunali xizmati uchun” ko‘krak nishonlarini, festivalni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan hamda o‘zining ratsionalizatorlik ishlari bilan ko‘pchilikning diqqatini tortgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Harbiy okruglar hamda harbiy qismlar qo‘mondonliklari mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar bilan taqdirlandi.