TOShKENT, 25-may - Sputnik. Joriy yilning 2-iyun kuni Alanya shahrida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Turkiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi. Muxlislarda shu o‘yinga bepul chipta olish imkoni mavjud.
"Bu O‘zbekiston milliy terma jamoasining Turkiyaga qarshi o‘z tarixidagi birinchi o‘yini bo‘ladi. Ana shu tarixiy o‘yinda milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turish uchun ayni kunlarda Turkiyada xizmat safarida bo‘lib turgan yoki mehnat faoliyati olib borayotgan barcha vatandoshlarimizni Alanya shahridagi "Alanya stadium" o‘yingohiga chorlab qolamiz", - deyiladi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabarida.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Turkiya - O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga tashrif buyuradigan o‘zbekistonlik muxlislar uchun 100ta chipta bepul taqdim qilinadi. Chiptalarni Turkiyadagi o‘zbekistonlik muxlislar 1-iyun kuni "Sense hotel" mehmonxonasidan olib ketishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘yin 2-iyun kuni "Alanya stadium" o‘yingohida mahalliy vaqt bilan soat 21:00da (Toshkent vaqti bilan soat 23:00da)boshlanadi.