TOShKENT, 24-may - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Lyu Szasin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston hamda Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.
Lyu Szasin Xitoy va xorijiy mamlakatlarda raqamli ta’limni rivojlantirishda Huawei hamda uning hamkorlari tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Tomonlar xalq ta’limi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi masalalarni ham ko‘rib chiqdilar. Xususan, maktablarda xavfsizlik muammolari va masofaviy ta’limni tashkil qilish, jumladan, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda, elektron ta’lim tizimini joriy etish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.
Shuningdek, uchrashuvda hamkorlik loyihalarini moliyalash modellari, xususan, grantlar hamda moliyaviy resurslarni jalb qilish masalalari o‘rganildi.