TOShKENT, 23-may – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun prezident tomonidan imzolandi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam oylik ish haqining o‘n barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.
Ilgari ushbu miqdor eng kam oylik ish haqining sakkiz barobarini tashkil etgan.
“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar ham Xalq tabobati xizmatini ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya xulosasi asosida xalq tabobati bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkinligiga oid qo‘shimcha kiritildi.
Qonun bilan Senatdagi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi etib o‘zgartirildi.
Eslatib o‘tamiz, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilingandi.
Farmonga muvofiq, 2019-yil 1-sentabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga quyidagi miqdorlar belgilandi:
- Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 577 170 so‘m;
- Bazaviy hisoblash – 202 730 so‘m;
- Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 202 730 so‘m.
Bunda: mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori maosh, ustamalar, qo‘shimcha haq, gonorar, qo‘shimcha ish uchun kompensatsiya to‘lovlari va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning boshqa turlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ushlanmalar, ilgari eng kam ish haqiga nisbatan belgilab qo‘yilgan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda hamda oilalarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojligi va ishsizlik bo‘yicha nafaqalar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladi.