TOShKENT, 22-may - Sputnik. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida rus tilini ommalashtirish va keng targ‘ib qilish bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda, dedi Toshkentda o‘tkazilgan "Vinogradov ta’limoti" xalqaro konferensiyasi davomida Jahon tillari universitet rektori, professor, falsafa fanlari doktori G‘anisher Rahimov.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.
Rektorning so‘zlariga ko‘ra, rus tili mavqeyini oshirishga qaratilgan tadbirlar Jahon tillari davlat universitetida tashkil etilgan Rus tili markazida universitet miqyosida hamda boshqa o‘xshash oliygohlar vakillari ishtirokida olib borilmoqda.
"Xususan, Toshkent maktablaridagi o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida sayyor kurslar o‘tkazilmoqda", - dedi Rahimov.
U shuningdek, zamon talabi bugun kuchayganini, endilikda ta’lim dargohlaridan hamkorlikning yangi-yangi shakllari, yangicha yondashuvlar talab etilayotganini qo‘shimcha qildi.
"Biz hamkorlikka, o‘qituvchilar malakasini oshirishda yordam berishga tayyormiz. Bu uchun Rossiyadagi sherik oliy ta’lim dargohlaridan vakillarni jalb qilamiz", - dedi rektor.
Rahimov o‘z chiqishida, O‘zbekiston tomonida Rossiya bilan talabalar va magistrlar almashuvi, pedagoglar malakasini oshirish, shuningdek, turli yangi dastur va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqishga qiziqish bildirishini qayd etib o‘tdi.