TOShKENT, 22-may – Sputnik. Aralash yakkakurash bo‘yicha irlandiyalik jangchi Konor Makgregor 2018-yil oktabrda UFC 229 musobaqasida rossiyalik sportchi Habib Nurmagomedov bilan yuz bergan mushtlashuv bo‘yicha izoh berdi. Bu haqda bjpenn.com xabar qildi.
“Bu sodir bo‘ldi – jang o‘tkazildi. Habib panjaradan oshib o‘tib, olomon ichiga sakradi, shu bilan mushtlashuvni boshladi. Biroq shuni qilgandan keyin darhol yashirindi. U qurqoqlik qildi desam ham bo‘ladi, uning butun jamoasi – kichkina kalamushlar. Lekin u jangda g‘alaba qozondi, hurmatim va tabriklarim unga”, - dedi Konor.
Shuningdek, Makgregor ular yana oktagonda uchrashishiga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, aralash yakkakurash bo‘yicha jangchilar Nurmagomedov va Makgregorning katta mojaro bilan yakunlangan mushtlashuvi o‘tgan yil 6-oktabr sanasida Las-Vegasdagi T-Mobile arenasida o‘tkazilgan edi.
Habib bo‘g‘uvchi usulni qo‘llab, g‘alaba qozongandi. Ammo keyin oktagon setkasidan sakrab Makgregorning sparring-sherigi Dillon Denis bilan jang uyushtirgandi. Shu tufayli unga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan edi.
Joriy yil 29-yanvar kuni AQShning Nevada shtatida Atletika komissiyasining UFC 229 jang oqshomida yuz bergan janjal yuzasidan sud eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Komissiya qaroriga ko‘ra, jang oqshomida janjal uyushtirgan Habib Nurmagomedov 9 oyga janglardan chetlatilib, unga 500 ming dollar miqdorida jarima to‘lash majburiyati yuklatilgan edi.
Shuningdek, Habibning amakivachchasi Abubakar Nurmagomedov va uning do‘sti Zubayra Tuxugov ham 1-yilga chetlatilib, ularga 25 ming dollardan jarima to‘lashlari belgilangan edi.