TOShKENT, 21-may - Sputnik. Qo‘qonda imom yordamchisi giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushdi.
O‘zAning ma’lum qilishicha, fuqaro kosibchilik bilan shug‘ullanib, shu bilan birga Qo‘qon shahridagi masjidlardan birida imomga yordamchilik qilib kelgan.
U 2017-yil yoz faslida O‘zbekiston tumani Sulaymon qishlog‘i hududidan oqib o‘tgan Katta Farg‘ona kanali bo‘yida o‘sib turgan nasha giyohvandlik o‘simligining shox va barglaridan terib olib, yashash uyiga tashib keladi va o‘zi iste’mol qilish maqsadida yashash xonadonining tom qismida saqlaydi.
2019 yil 5-yanvar kuni DXX Qo‘qon shahar bo‘limi hamda Qo‘qon shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida fuqaroning yashash xonadonidan polietilen paketga solingan marixuana giyohvandlik moddasi daliliy ashyo tariqasida olingan.
Sud narkologik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, fuqaro kannabinoidga tobelik 1-bosqichi bilan kasallanganligi tibbiy yo‘sindagi majburiy davolanish chorasiga muhtojligi aniqlangan.
Sudlanuvchining aybi xonadonni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, daliliy ashyoni tortib olish haqida dalolatnoma, ekspertiza xulosalari bilan to‘liq o‘z isbotini topgan
Xabarda sud hukmiga ko‘ra fuqaro O‘zbekiston JKning 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani va tibbiy muassasalarda giyohvandlikdan majburiy davolanish chorasi qo‘llangani qayd etilgan.